
AQSHning yuqori martabali rasmiylari Germaniyadagi o‘ta o‘ng qanotga mansub «Germaniya uchun muqobil» partiyasining (AdG) ekstremistik tashkilot deb tan olinishini keskin qoralab chiqishdi. Ularning bu bayonotlari rasmiy Berlin tomonidan asossiz va o‘rinsiz ayblov sifatida baholanmoqda.
Masalaning kelib chiqishiga sabab, Germaniyaning Konstitutsiyani muhofaza etish bo‘yicha federal idorasi (BfV) AdG partiyasi fuqarolarni millat va joylashuviga qarab ajratayotgani va bu bilan mamlakatning birligini buzishga harakat qilmoqda degan xulosaga kelganidadir.
Joriy yil fevral oyida o‘tkazilgan federal saylovlarda ushbu partiya saylovchilarning qariyb beshdan bir qismining ovozini olib, 630 o‘rinli parlamentda 152 mandatga ega bo‘lgan edi. Partiyaning asosiy platformasi migratsiya masalalarida qattiq pozitsiyada turishi bilan bog‘liq bo‘lib, ular ko‘pincha millatchilik ruhidagi qarashlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Germaniyadagi boshqa yirik siyosiy partiyalar esa, mamlakatda millatchilikning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun AdGni hukumat koalitsiyasiga kiritishdan qat’iy ravishda bosh tortib keladi.
Partiyaning ekstremistik deb tan olinishi AQSHning Tramp ma’muriyatiga yoqmadi va jiddiy e’tirozlar tug‘dirdi. Xususan, vitse-prezident Jey Di Vens Germaniya hukumati sovuq urush ramzi bo‘lgan Berlin devorini qayta tiklamoqchi, degan keskin iddao bilan chiqdi. Davlat kotibi Marko Rubio esa Germaniyaning bu qarorini «tiraniya» deb atadi.
Bu kabi qattiq bayonotlarga Germaniya tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlar orqali tezda javob qaytarib, «Germaniya uchun muqobil» partiyasining ekstremistik tuzilma sifatida tan olinishi demokratiyani himoya qilish zaruratidan kelib chiqqanini tushuntirdi.
«Germaniyaning tarixiy tajribasi mamlakatimizda o‘ng ekstremizmning qayta kuchayishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ko‘rsatadi», — deyiladi vazirlik tomonidan berilgan bayonotda.
Rasmiy Berlin bu bilan 1933 yilda Adolf Hitler boshchiligidagi millatchi kuchlarning hokimiyat tepasiga kelganini eslatib o‘tgan bo‘lsa ajab emas.
Amerika va Germaniya o‘rtasida yuzaga kelgan bu diplomatik tortishuv ikki tomonlama munosabatlarda yuzaga kelgan yoriqning bir ko‘rinishi bo‘lib turibdi. Yaqinda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning 14 fevral kuni Myunxenda bo‘lib o‘tgan xavfsizlik konferensiyasida Yevropa davlatlari yetakchilariga yuzlanib, xuddi maktab o‘qituvchisidek munosabatda bo‘lishi ham yevropalik rasmiylarning jiddiy g‘azabini qo‘zg‘atgandi.
Shu kunlarda ikki mamlakat o‘rtasida boj siyosati masalasida ham jiddiy nizolar kelib chiqmoqda, Tramp ma’muriyati Yevropaga qarshi iqtisodiy urush holatidagi siyosati bilan o‘ziga xos taranglikni kuchaytirib bormoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagi uchun xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda.