
AQSH prezidenti Donald Tramp davlat rahbari lavozimidagi muddati yakunlanganidan keyin o‘z siyosiy faoliyatini davom ettiradigan, mamlakat kelajagi uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga ola bilishi mumkin bo‘lgan vorislar haqida gapirdi. Bu haqda prezident NBC News telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Jurnalist Kristen Uelker bilan suhbatda Tramp, kelgusida mamlakatni boshqarish salohiyatiga ega bo‘lgan siyosatchilar sifatida davlat kotibi Marko Rubio hamda vitse-prezident Jey Di Vensni qayd etib o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, aynan shu ikki siyosatchi uning keyingi siyosiy yo‘nalishini davom ettirib, «Amerikani yana buyuk qilamiz» harakatiga rahbarlik qilishi mumkin.
Prezident bu ikki nom bilan cheklanib qolmasdan, yana 10-15, balki 20 nafar siyosatchi ham mamlakat kelajagini muvaffaqiyatli taʼminlash va uni yana-da yuksaltirish uchun bor kuchini sarflashga tayyor ekanini bildirdi.
«Men prezidentlik muddatim tugaganidan keyin, mamlakat kelajagi uchun juda ko‘p siyosatchilar kurasha oladi. Bizda AQSH Demokratik partiyasidagidan farqli o‘laroq, iqtidorli va yosh siyosatchilar bor. Mening ortimdan kelayotgan bu yosh avlod mamlakatni boshqarishda faol qatnashishi mumkin. Demokratlarda esa afsuski, yosh va iqtidorli siyosatchilar deyarli yo‘q», – dedi Tramp.
Trampning aytishicha, bu vaziyat uning vorislari uchun sog‘lom raqobat muhitini yarata olmasligi mumkin.
Ayni paytda AQSH konstitutsiyasida belgilangan tartibga ko‘ra, mamlakat prezidenti ikki muddatdan ortiq lavozimni egallashi mumkin emas. Konstitutsiyaning 22-tuzatishiga binoan, «hech bir shaxs ikki muddatdan ko‘p prezidentlikka saylanmasligi lozim». Bu qoida faqat Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqaligina o‘zgartirilishi mumkin bo‘lib, buning uchun Kongressning ikki palatasi (Senat va Vakillar palatasi) aʼzolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi, shuningdek, shtatlarning to‘rtdan uch qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi talab etiladi.
«Men AQSH prezidenti lavozimida sakkiz yil, yaʼni ikki muddat xizmat qilaman. Bu men uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qoidadir. Buni doimo ochiq aytganman», – dedi Donald Tramp.
Biroq u, ehtimoliy uchinchi muddat haqidagi fikrlari ham jiddiy ekanini bildirdi. Tramp bu masalani muhokama qilish uchun hali ertaligi, ammo ko‘plab odamlar unga bu boradagi qarorni qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.
«Uchinchi muddat haqidagi fikrlarim jiddiy, lekin bu mavzuda yakuniy qarorga kelishga vaqt bor. Bu masalada fikrimni qo‘llab-quvvatlaydiganlar ko‘p ekanini ham bilib turibman», – deb qo‘shimcha qildi u.
Trampning bu bayonoti AQSHdagi siyosiy muhitni yana-da qizdirib yubordi. Muxlislar va siyosiy ekspertlar endi mamlakatda yangi yetakchilar paydo bo‘lishi, ularning siyosiy maydonda qanday harakat qilishi va kimlar Trampning o‘rnini egallashi mumkinligi xususida faol bahs boshladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari yaqinlashmoqda va mamlakat kelajagini hal qiluvchi bu saylovda Donald Tramp ishtirok eta olmaydi. Uning partiyasi va siyosiy harakati uchun yangi nomzod tanlash va AQSH siyosiy maydonida o‘z o‘rnini saqlab qolish asosiy vazifaga aylangan.